|
| | |
|
Ko'zi ochiq ketgan ota
To'qsoninchi yillarning boshlarida Toshkent xalqaro aeroporti bojxona postida Sarvar degan yigit xizmat qilardi. U paytlarda hali xalqaro aeroport "Toshkent Aero" ixtisoslashgan bojxona kompleksi sifatida tashkil topmagan, balki Toshkent shahar bojxona boshqarmasiga bo'ysunardi. Sarvarning bojxona xizmatiga kelganiga bir yildan oshgan bo'lib, o'z ishini hamkasblariga nisbatan yaxshiroq uddalar va shu bilan birga imkoni boricha boshliqlar nazariga tushishga harakat qilardi. Uning biror-bir topshiriqni rad etganini yoki o'sha topshiriqni bajarmaslik uchun bahona axtarganini hech kim eslay olmasdi. Shu orada bojxona postiga yangi boshliq tayinlandi. Yangi boshliq Nodirjon Rahimovich qo'l ostidagi hodimlarni o'rganar ekan Sarvarga alohida e'tibor berib, uni zimdan kuzatdi. Xalqaro aeroportning birinchi qavati uchib keluvchilarni, ikkinchi qavati esa uchib ketayotganlarni nazoratdan o'tkazishga mo'ljallangan. Ba'zi paytlar chet elga ketayotgan yoki chet eldan qaytayotgan yo'lovchilarning reyslari bir vaqtga to'g'ri kelib qolishi ham mumkin. Bunday paytlarda bojxona xodimlari darhol ikki guruhga bo'linib, bir guruhi keluvchilarni, ikkinchisi ketayotganlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o'tkazishardi. Bunday paytda ish qat'iy tartib asosida olib borilar, har bir hodim zimmasiga yuklatilgan vazifani og'ishmay ijro etishga harakat qilardi. Bunday paytlarda Sarvar jon- jahdi bilan ishlar, har bir topshiriqni e'tirozga o'rin qoldirmaydigan darajada bajarardi. Shunday kunlarning birida yangi boshliq Sarvarni ancha kuzatdi. Chunki Sarvarning yo'lovchilar bilan ishlash uslubi g'alati bo'lib, boshliq buni darhol payqagandi. Odatda bojxona xodimlari yo'lovchilar bilan rasmiy, lekin xushmuomalalik bilan muloqotda bo'lishga harakat qiladilar. Har bir yo'lovchi bilan sharoitdan kelib muomala qilish, qo'pollikka yo'l qo'ymaslik bu sohaning qat'iy talabi edi. Ammo yo'lovchilar bilan og'aynichalishlarcha munosabatda bo'lish ham mumkin emas. Sarvar esa bu qoidani buzib, "Haymann" rentgen apparatiga suyanib olganicha, xuddi eski qadrdonini uchratib qolgandek, hozirgina chet eldan kelgan yo'lovchi bilan chaqchaqlashishga kirishib ketardi. Bunday usul noto'g'ri ekanligini Nodirjon Rahimovich Sarvarga bir necha bor tushuntirdi. Sarvar har safar "Xo'p" dedi-yu, yana o'z bilganidan qolmasdi. Bir gal ham shunday bo'ldi. Navbatdagi samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo'nishi bilan chet eldan uchib kelgan yo'lovchilar bojxona nazoratidan o'tkazila boshlandi. Hamma ish bilan band. Post boshlig'i hushyorlik bilan xodimlar ishini kuzatardi. Shu payt Sarvar ish joyini tashlab, keng zalning boshqa tomoniga o'tib ketdi. Sarvarni kuzatib turgan post boshlig'i uning orqa cho'ntagidan kichkina bir narsa yerga tushib qolganini ko'rdi. U o'rnidan turdi-da, hech kimga sezdirmay, haligi tushib qolgan narsani yerdan oldi. Keyin yana joyiga qaytdi. Olgan narsasini sezdirmay sekin tekshirib ko'ra boshladi. Bu o'sha paytlarda muomalada bo'lgan besh ming Rossiya rubli bo'lib, shunday ustalik bilan buklab taxlangandiki, natijada pul kichik barmoqning bir bo'g'niga teng holatga kelgan edi. Ish tugadi. Yo'lovchilar o'tib bo'lishdi. Nodirjon Rahimovich hamon Sarvarni zimdan kuzatishni qo'ymasdi. Hamma ish joyini yig'ishtirib, ikkinchi qavatga ko'tarila boshladi. Faqatgina Sarvar negadir bezovta holatda, nimanidir qidirish bilan ovora edi. U avvaliga cho'ntaklarini obdan tekshirdi. Keyin rentgen apparati atrofini va uning taglarini ko'ra boshladi. Shu payt post boshlig'i uning tepasiga kelib: - Ha, Sarvar, nimangni yo'qotib qo'yding? - deb so'radi kinoyali jilmayib. Sarvar kutilmagan bu ovozdan bir sakrab tushdi. - Haligi... anovi... ruchkamni topolmayapman, - dedi so'ng qizarib-bo'zarib. - Ha-a, bitta ruchkaga shunchami? Mana, manovi ruchkani ola qol, menda yana bor, - dedi Nodirjon Rahimovich cho'ntagidagi ruchkani unga uzatarkan. - Yo'g'-e, o'rtoq mayor! K- kerakmas! Sarvar ruchkani olishni istamasa-da, boshlig'ining qat'iy talabidan so'ng, baribir, ruchkani olishga majbur bo'ldi. - Rahmat, o'rtoq boshliq. Mayli, sizlar bazaga boraveringlar, men apparatlarni o'chirib, keyin chiqaman, - dedi u Nodirjon Rahimovichdan ko'zlarini olib qochib. - Mayli, shunday qila qol, - dedi boshliq va Sarvardan uzoqlashib, xodimiga sezdirmasdan yana uni kuzatishda davom etdi. Sarvar u yoq-bu yoqqa alanglab, hech kim kuzatmayotganligiga ishonch hosil qilgach, yerga egilib shosha-pisha"Haymann" apparatining tagidan nimanidir axtara boshladi. - Ha, hali ham o'sha ruchkangdan ko'ngil uzolmayapsanmi? - to'satdan guldiragan bu ovozdan Sarvar yalt etib ortiga o'girildi. Tepasida turgan Nodirjon Rahimovichga ko'zi tushib, rangi oqarib ketdi. - Sen ruchkani emas, mana buni axtaryapsan, to'g'rimi? - so'radi Nodirjon Rahimovich cho'ntagidan o'sha barmoqdek qilib buklangan besh mingtalikni olib. - Ma, ol! Sarvar nima qilishini bilmay yerga qaradi. Nodirjon Rahimovich majburlab pulni unga tutqazdi. - Endi men bilan yur, - dedi so'ng o'zi oldinga o'tib yo'l boshlarkan. Ular aeroport binosidan chiqarishlari bilan yo'l chetida turib tilanchilik qilayotgan bir keksa kampirni ko'rsatib: - Haligi pulni mana shu ayolga ber, - dedi Nodirjon Rahimovich Sarvarga qarab. Sarvar hayron bo'lib Nodirjon Rahimovichga qaradi, so'ng ikkilanibroq qo'lidagi pulni kampirga uzatdi. Tilanchi kampir umrida buncha katta pulni ko'rmagan, shekilli, avvaliga dovdirab qoldi, keyin uzundan-uzoq duo qilishga tushdi... Oradan ikki yilcha vaqt o'tdi. Bu orada Nodirjon Rahimovich boshqa bir bojxona postiga boshliq etib tayinlandi. Kunlarning birida Sarvarning tegishli xizmat xodimlari tomonidan hibsga olingani haqida xabar eshitdi. Keyin ma'lum bo'lishicha, Sarvar qing'ir ishini yana davom ettirgan ekan. Bir kuni Sarvarning otasi vafot etganligini eshitgan Nodirjon Rahimovich bir-ikkita hamkasblari bilan uning uyiga fotihaga borishdi. Sarvarning uyi mahalla ichkarirog'ida joylashgan bo'lib, xarobgina ekan. Ularni Sarvarning onasi kutib olib, ichkariga boshladi. Bu ayolning siniqqan chehrasi, g'am cho'kkan ko'zlariga qarab, Nodirjon Rahimovich negadir o'zini aybdor his etdi. Sardorning qamalishiga go'yo o'zini aybdordek o'ng'aysizlandi. Onasining aytishicha, Sarvar qamoqqa olinganda uning otasi og'ir ahvolda yotgan ekan. Sarvarning qamalganligini otaga bildirishmabdi. O'lim to'shagida yotgan ota tinmay o'g'li Sarvarni chaqiribdi. Jon berolmay qiynalayotgan qariyani tinchlantirish uchun qarindoshlari Sarvarning o'rtog'ini otaning yoniga kirgizib, o'zini Sarvar deb aytishini iltimos qilishibdi. Yigit qariyaning yoniga kirib: "Otajon, men o'g'lingiz Sarvarman", deganda, necha kundan buyon odam tanimay, alahsirab yotgan chol birdan ko'zini ochibdi-yu, tiniq va dadil ovoz bilan: "Chiq, sen Sarvar emassan!" deya yana hushidan ketibdi. Ertasi kuni esa joni uzulibdi. Shu tariqa ota o'z o'g'lini ko'rishga ilhaq bo'lib, olamdan o'tibdi. Onaning mungli hikoyasi fotihaga kelganlarning boshini ham qildi, Nodirjon Rahimovich esa sekin ko'z yoshlarini artdi. U hamon o'zini kechira olmasdi... To'lqin Rahmonov Bojxona xizmati polkovnigi
|
Категория: Hikoyalar | Добавил: vampir (29/05/2014)
|
Просмотров: 789
| Рейтинг: 0.0/0 |
| |
| | |
|
|