|
Onasidan hazar qilgan oshiq
Onasidan hazar qilgan oshiq - Ularga qoyil qolaman. Qayerda bo'lsalar ham shu kuni yetib keladilar. Qaysi bir yili Yaponiyada ekanliklarida kelolmay qolgandilar. Ham telefon qilganlar, ham telegramma yuborganlar, ham sovg'a-salom jo'natganlar. Mana, oqibat! Shanba kuni vaqtingiz qalay? Borasimi? Ma'ruf hayron bo'lib qoldi: - Tug'ilgan kun oilaviy bayram... Men nima qildim? - Voy, nega unaqa deysiz? - ajablandi Sevara, - tanishasiz. Ko'rasiz. Kursdoshlarim ham kelishadi. O'zimiz alohida o'tiramiz. - Mayli, ko'ramiz, - dedi Ma'ruf dami ichiga tushib. - Ko'ramizmas, borasiz, vassalom! - dedi Sevara qat'iy ohangda. Ma'ruf indamadi. Shu lahzalarda uning ko'nglidan nimalar kechayotganini yolg'iz o'zi bilardi, xolos... Ma'ruf Sevara yashaydigan uy- joyni ko'rib, hang-mang bo'lib qoldi. Birinchi-ikkinchi qavatlarda ikkita besh xonali kvartira qo'shib olingan bo'lib, yo'lakdan yuqoriga chiqiladigan aylanma zina o'rnatilgan, bu yerdagi shoxona mebellaru, billur qandillar, eroniy gilamlaru, antiqa jihozlar har qanday odamning og'zini ochib qo'yishi aniq edi. Dasturxonga-ku, gap yo'q! Qizil- qora ikralardan tortib, seli chiqib turgan kaboblar, qovurilgan jo'jalaru anvoyi ichimliklargacha, "ko'rib qo'y, biz qanday yashaymiz" deb turganga o'xshaydi. Ma'ruf bu dabdabayu as'asani ko'rib, o'zlarining eski hovlilarini ko'z oldiga keltirdi-yu, kulgisi qistadi. "Bularning oldida bizning uy Robinzon Kruzoning chaylasidan farqi yo'q" degan alamli fikr xayolidan kechdi-yu, g'alati bo'lib ketdi. Kimning qiziga oshiqi beqaror bo'lib yurganini o'ylab ezildi, qiynaldi. Chekishni bahona qilib, o'zini chalg'itgani balkonga chiqdi. Chekdi. Bu shahar markazidagi to'rt qavatli uy ro'parasidagi xiyobonga mavjlanib turgan ko'lga ko'zi tushib, Sevaraning "O'rikzorda dang'illama uchastkamiz, Bo'stonliqda dachamiz bor", degan gaplarini esladi. Battar alam qildi. Endi ichkariga qaytib kirmoqchi edi, oshxonaning bo'lsa kerak, ochiq derazasidan quloqqa chalinayotgan ayollarning shivir- shivirini eshitib to'xtab qoldi. - Vkusing yomonmas, Sevar, - dedi bir ayol, - zo'r yigitni topibsan! Ancha og'ir-bosiq, aqilli yigitga o'xshaydi. - Erta-indin fan nomzodi bo'ladi, - sho'x kuldi Sevara unga javoban, - bo'lajak akademik. Ayollar kulishdi. Onasi bo'lsa kerak, qo'shildi: - Dadangga ham ma'qul tushgan ko'rinadi. Xursand bo'ldilar. Bu gaplarni eshitgan Ma'rufning butun vujudi jimirlab ketdi. Yana beixtiyor quloq soldi. - Shundoq chiroyli, kelishgan yigit, nega shu paytgacha uylanmay yurgan ekan-a? - luqma tashladi boshqa bir ovoz. - Sevarani qidirib yurgandir-da! - qo'shildi yoshgina bir ovoz. - E, o'linglar! - erkalandi Sevara, - boshqa gap yo'qmi? - Mahkam ushla, Sevar, qo'ldan chiqarib yuborma! Bunaqa yigitlarning xaridori ko'p bo'ladi! - dedi yana o'sha yosh ovoz. - Tutqich bermayapti-da, o'rtoqjon, - kuldi Sevara. - Unaqada o'zim yordamlashvoraman! - qiyqirib kuldi dugonasi. Unga boshqa ayollar ham qo'shilishdi. Ma'ruf bu gaplarni eshitib, o'zini noqulay sezdi va boshqalarning gapini poylab, o'g'rincha eshitish yaxshi ish emasligini eslab ichkariga qaytmoqchi edi, keyingi gaplarni eshitib yana qulog'i ding bo'ldi. - Ota-onasi kim ekan? - so'radi boyagi ayol. - Qayerda turisharkan? - Bilmadim? - dedi Sevara, - otasi o'lib ketgan ekan. Universitetga kafedra mudiri bo'lib ishlagan ekan. Singlisini uzatishibdi. Menimcha, onasi ikkovlari yashashadi. - Tem bolee! - dedi yana dugonasi, - hayotni ko'rgan, achchiq-chuchukni totgan yigit ekan. Tegsang tegding, bo'lmasa, o'zim yopishib olaman! Ayollar qiyqirib kulishdi. - Ishqilib, qo'sha qaringlar, menga o'xshab chuv tushib qolmagin, - dedi yoshi kattaroq ayol. - Sizga nima qilibdi, amma? - dedi Sevara. - Pochchang tushmagurni aytaman-da! - xo'rsindi ayol, - "do'xtir ekan" deyishsa, laqqa tushib o'tirganman-da, o'rgilay. To'ydan keyin bilsam, mol do'xtiri ekan! - O'shandan keyin uyingizdan qazi-qarta arimay qolgan ekan- da? - hazillashdi Sevaraning onasi. Ma'ruf o'zini o'ng'aysiz sezib, ichkariga otildi. Sevaraning kursdoshlari o'tirgan xonaga kirdi-yu, ammo o'tirmadi. Hozirgina eshitgan gap-so'zlari sira quloqlari tagidan ketmasdi. "Hamma gap shunda, - derdi u o'ziga-o'zi, - bular kimu, men kim? Kimsan bank xo'jayinining uyi. Do'ppisi yerga tushsa, pul berib oldiradigan odam. Men- chi? Kim deb o'ylashyapti meni? Uy-joy, ahvolimizni bilishsa nima deyisharkin? E, o'l, ahmoq! "Otam universitetda kafedra mudiri deyishiga balo bormidi? Yo'q, Sevara bilan ochiq-oydin gaplashib olishim kerak!.." Ziyofat allamahalda tugadi. Ma'ruf bilan quyuq xayrlashishdi. Otasi "Yana kelib turing, Ma'rufjon. Tanishganimdan juda xursandman", dedi. Sevaraning onasi qo'yarda-qo'ymay yeguliklar solingan yelimxalta tutqazdi. "Oyingizni toblari yo'qroq ekan. So'rab qo'ying, iloyim tuzalib ketsinlar", dedi. Ma'ruf bu gaplarni eshitib, o'ziga bildirilayotgan bu munosabatni ko'rib yig'lagudek bo'ldi. Ketishga shoshildi. Uni kuzatgani chiqqan Sevara undagi bu o'zgarishni sezmay qolmadi. - Sizga nima bo'ldi? Ma'ruf ko'zlarini olib qochib: - Ota-onangiz ham, kursdoshlaringiz ham yaxshi odamlar ekan. Juda maza qildim. - Yo'q, nimanidir mendan yashiryapsiz? Tinchlikmi? - uning ko'zlariga tikildi Sevara. - Sizdan nimani ham yashirardim, Sevara? - dedi Ma'ruf o'kinch bilan, - endi qachon ko'rishamiz? - Mayli, telefonlashamiz, - dedi Sevara bo'shashib va orqasiga burildi, - xayr, yaxshi boring!.. Ma'ruf uyiga yetguncha ich-etini yeb bordi. Shu tobda ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Ko'zlari yo'lda, qo'llari rulda-yu, miyasida ming bir xayol. "Yo'q, bunaqasi bo'lmaydi, - o'ylardi u ezilib, - ularga teng kelishni kim qo'yibdi menga? Ko'rpaga qarab oyoq uzatish kerak. Baland dorga osilib, oyog'im tegmay qolmasin tag'in? Hammasini aytaman. Shunaqa, deyman. Meni kechiring, Sevara deyman... Uf, bunaqada jinni bo'lib qolish hech gapmas!.." Oradan bir hafta o'tar-o'tmas, ular yana uchrashishdi. Ertalabdan havoning avzoyi buzuq, ko'k yuzini qo'rg'oshin tusli pahmoq bulutlar qoplagan, osmon xuddi hozir-hozir yig'lab yuboradigan bolani eslatardi. Ma'ruf Sevarani kinoga taklif qildi. Yangi hind filmi ekan. Undagi hashamu dabdabalarni ko'rib, Ma'rufni yana ichidan qirindi o'tdi. Film unga yoqmadi. Eski gaplar! Qiz bilan yigit bir- birlarini yaxshi ko'rishadi. O'rtada boshqa bir boyvachcha yigit paydo bo'ladi. Qarabsizki, uyog'i ketdi. Qiz yoshlari, diydiyolar, ashula-raqs... Ular kinodan chiqib, "Yoshlar qahvaxonasi"ga kirishdi. Qahva ichib, anchagacha suhbatlashib o'tirishdi. Ma'ruf baribir ko'nglidagi gaplarni aytolmalmadi, armonda qoldi. O'zini o'zi toza so'kdi. "O'l, ahmoq! - dedi g'ijinib. - aytolmading-ku? Shunaqayam jur'atsiz, shunaqayam mijg'ovmisan? Undan ko'ra, to'g'risini shart aytib qo'yaqolmaysanmi? Men seni tenging emasman demaysanmi? Shu bilan hammasiga nuqta qo'yib qo'yila qolardi. Qo'rqoq, qo'rqoq!!!" Sevara buni sezgandek, o'zi nozik joyidan ushladi. - Oyingiz tuzukmilar, Ma'ruf aka? - dedi sirli qilib, - bir borib ko'rsak bo'lardi-da! - Keyin... - dedi Ma'ruf qiynalib. U shunday dedi-yu, yana o'z-o'zini so'ka boshladi. "Nega aldayapsan, nomard? - dedi ichida, - onang uyda, seni kutib, yo'lingga ko'z tikib o'tiribdi- ku?.. Kelib-kelib onang seni baxtingga halal beryaptimi? O'z tuqqan onangdan hazar qilyapsanmi? Birovlarga "Mana mening onam", deb ko'rsatishga or qilyapsanmi? Uy-joyingga nima qilibdi? Ota- bobolaringdan meros qolgan hovli-joydan uyalyapsanmi? Aristokratlikni istab qoldingmi? Shundoq qizni qachongacha aldab yurasan? Axir u senga ishonyapti-ku?!" Ma'ruf yo'ldan ko'zini uzmagan ko'yi eskigina "Jiguli"sini haydab borarkan, shu payt bekatda to'planib turgan odamlar orasida ko'zga tashlangan egniga odmigina chit ko'ylak, qora duxoba nimcha, oyog'iga kalish kiyib olgan kampirni ko'rdi-yu, ko'zi chiqib ketayozdi... "Oyimlar-ku? - yashindek xayolidan kechdi uni, - nima qilib yuribdilar ko'chada? Tavba! Tag'in qo'llarida ro'zg'or sumkami-ey! Shu ahvolda nega ko'chaga chiqdilar-a? Sog' bo'lsalar ham mayliydi!.." U qanday qilib tormoz berganini, mashinaning g'iyqillab to'xtaganini ham semay qoldi. Eshikni ochmoqchi bo'ldi-yu, qo'li eshikning yaltiroq tutqichini tutgancha qoldi. "Qayoqqa? - ichki bir nidodan seskanib ketdi, - axir yoningda Sevara bor-ku? Axir hozirgina unga onam kasalxonadalar deding-ku? Nima degan odam bo'lasan unda?.." - Nima bo'ldi, Ma'ruf aka? - yalt etib unga qaradi Sevara. - Yo'q, o'zim, - dedi Ma'ruf o'zini qo'lga olishga harakat qilib, - xayol ketib qolibdi, - u shunday deya mashina soatiga qaradi. "Sevarani uyiga olib borib qo'ysam bas, uyoqqa o'n besh daqiqa, bu yoqqa o'n besh daqiqa. Keyin oyimlarni olib ketaman..." Mashina yo'lga chiqdi. Ma'rufning asabiylashayotgani, tezlikni oshirayotganini sezib, Sevara hayron bo'ldi-yu, indamadi. Ma'ruf uni uyi oldida qoldirib, o'zi shosha-pisha orqasiga qaytdi. Sevara hech narsaga tushunolmay mo'ltiragancha qoldi... Ma'ruf mashinasini shamoldek uchirib boya onasini ko'rgan chorrahaga yetib kelganda, bekat tumonat odamga to'lib ketgandi. U mashinasini yo'l chetiga olib, o'sha tarafga yurdi. Yo'lovchilar orasidan onasini qidira boshladi. Lekin u ko'rinmasdi. Shu payt atrofdagilarning g'o'ng'ir- g'o'ng'ir tovushlarini eshitib ilkis sergaklandi. "Nima deyishyapti bu odamlar? - atrofiga alangladi u, - qanaqa kampir? Nega mashina urib ketadi? Qachon?.." - Bir cho'loq kampir ekan, arang chorrahani kesib o'tayotgandi, bir mashina gurs etib urdi-yu, o'tdi-ketdi, - derdi bir baqaloq odam, - o'z ko'zim bilan ko'rdim. Tochna, ko'rdim. Oq "Neksiya" edi!.. - Nima qilibdi? Qanaqa kampir? Tirikmikan o'zi? - aralashdi bir begona ayol. - Kim biladi, qanaqadir mashina urib ketganmish, - dedi yoshgina bir yigit va yo'l yuziga imo qildi, - ana kalishi yotibdi. Ma'ruf shoshib o'sha tarafga qaradi-yu, ko'zlari qinidan chiqib ketayozdi. "Cho'loq kampir? Kalish?.." U tanidi. U onasining bir poyi, eski kalishi edi. Yugurib borib kalishni qo'liga oldi-yu, orqasiga qaytdi. To'planganlarga alang-jalang qaradi. - Qayoqqa? Qaysi tomonga olib ketishdi? - so'radi javdirab. - "Birinchi"ga bo'lsa kerak, - dedi kimdir, - o'sha urib olgan kishining o'zi olib ketdi deyishyapti-ku. Ma'ruf dovdiragancha yana mashinasi tarafga yugurarkan, milisiya mashinasi yetib kelganiga, undan tushgan milisionerlarning "Bo'ldi, tarqalinglar! Sizlarga tomoshami?" degan baqir- chaqirlariga, ulardan biri Ma'rufni chaqirganiga ham e'tibor bermadi. Mashinasini yeldirgancha ketdi... ... Ma'ruf tong oqarguncha kasalxona yo'lagida o'tirib chiqdi. Uni onasining yoniga kirgizishmadi. Oyog'ini operasiya qilishayotgan ekan. Bu orada singlisi, kuyovi, tog'asi kelishdi. Faqat ertalabgina Ma'ruf bilan singlisini palataga kirishlariga ruxsat berildi. Ma'ruf mo'jazgina palataga kirdi-yu, deraza tagidagi karavotda mushtdekkina bo'lib yotgan, oyog'i gipslanib, boshi doka bilan bog'langan onasini ko'rib ho'ngrab yubordi. - Oyi!.. Nima bo'ldi, oyi? - dedi o'pkasi to'lib. Kampir ko'zlarini arang ochib: - Shunaqa bo'lib qoldi, bolam, - dedi rangsiz lablarini yalab, - falokat-da. Xafa bo'lma... Singlisi karovatning chetiga o'tirdi. Ma'ruf onasining yoniga tiz cho'kib, qoqsuyak qo'lini qo'liga oldi, silab, yuziga bosdi. - Men sizga aytgandim-ku, oyi, - dedi hiqillab, - ko'chada nima qilasiz? Kampir ozg'in barmoqlari bilan boshini siladi va bir burda yuziga sezilar-sezilmas tabassum yugurdi: - Pensiya pulimni oluvdim, bolam... - dedi so'nik tovushda, - qo'shni xotinlar Chorsuda yaxshi ko'ylaklik material ko'rishgan ekan... Shunga... bo'lajak kelinimga deb olib kelib qo'yaqolay degandim, bolam... Singlisi Ma'rufga, Ma'ruf unga qaragancha qolishdi... Baxtiyor
|
Категория: Hikoyalar | Добавил: vampir (20/07/2014)
|
Просмотров: 1039
| Рейтинг: 0.0/0 |
| |