Konchita Vurst nomi bilan ko‘proq tanilgan avstriyalik Tomas Noyvirt Eurovision—2014 tanlovi g‘olibiga aylandi. Finaldagi Rise Like a Phoenix qo‘shig‘i uchun 290 ball to‘plagan “soqolli ayol” o‘z raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirdi, deb xabar berdi “Kun”. Konchita Vurst Eurovision—2014 tanlovida. Gollandiyaning The Common Linnets guruhi ikkinchi (238 ball), Shvetsiya vakilasi hisoblangan Sanna Nilsen esa uchinchi (218 ball) o‘rinni egalladi. 10-may, shanba kuni bo‘lib o‘tgan Eurovision—2014 finalida Ukraina, Belarus, Ozarbayjon, Islandiya, Norvegiya, Ruminiya, Armaniston, Chernogoriya, Polsha, Gretsiya, Avstriya, Germaniya, Shvetsiya, Fransiya, Rossiya, Italiya, Sloveniya, Finlandiya, Ispaniya, Shveysariya, Vengriya, Malta, Daniya, Gollandiya, San-Marino va Buyuk Britaniya xonandalari ishtirok etdi. Eurovision—2014 qo‘shiq tanlovi 1956- yildan beri har yili o‘tkazib kelinadi. So‘nggi tanlovda qaysi mamlakat vakili g‘olib chiqsa, o‘sha mamlakat keyingi tanlovga mezbonlik qiladi. Eurovision—2014 esa 6—10-may kunlari Daniya poytaxti Kopengagen shahrida bo‘lib o‘tdi. Daniya 20 yoshli Emmili De Forest tomonidan o‘tgan yili Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tgan tanlov vaqtida ijro etilgan Only Teardrops qo‘shig‘i sabab mezbonlikni qo‘lga kiritgan edi.
|